O‘zbekistonda er-xotinga nikoh shartnomasini videokonferensaloqa orqali onlayn tasdiqlashga ruxsat berishmoqchi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.

Rasmiylar er-xotinlarga yoki kelin va kuyovga nikoh shartnomasini notarial idorada yuzma-yuz, onlayn videokonferensaloqa orqali tasdiqlash yoki sayyor tartib-taomilga buyurtma berishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda. Onlayn shaklda tasdiqlash uchun fuqarolar YIDXP yoki E-notarius tizimiga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.

Ariza beruvchilarning shaxsi tasdiqlangandan so‘ng, notarius shartnomani tasdiqlashga o‘tadi. Shu bilan birga, muolaja davomida mutaxassis quyidagi harakatlarni bajarishi kerak bo‘ladi:

  • tomonlarning yoshini aniqlash va ularning nikoh yoshiga yetganligiga ishonch hosil qilish;
  • shartnoma imzolanayotgan paytda ular nikohdan o‘tgan-o‘tmaganligini bilish;
  • nikoh ishtirokchilaridan birortasi boshqa shaxs bilan nikohda bo‘lmaganligini tekshirish;
  • tomonlar boshqa nikoh shartnomasini tuzgan-tuzmaganliklarini bilib olish.

Bojlar va boshqa to‘lovlar to‘langanidan, shuningdek shartnomaning yakuniy versiyasi tuzilganidan keyin ikkala arizachi bir vaqtning o‘zida notarius huzuriga to‘liq ismi-sharifi ko‘rsatilgan holda shartnomaning barcha nusxalarini imzolash uchun taklif etiladi.