O‘zbekistonda notarial harakatlarni videokonferensaloqa rejimida amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Hujjat jismoniy yoki yuridik shaxsning vakili notarial idoraga kelmagan hollarda masofadan turib videokonferensaloqa rejimida notarial harakatlarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Harakatlar E-notarius.uz axborot portali va Notarius avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali onlayn tasdiqlanadi. Ariza beruvchi elektron tarmoqdan foydalanish shartlari bilan tanishtiriladi, shundan so‘ng u o‘z roziligini tasdiqlaydi.

Ariza beruvchi tasdiqlashni so‘rayotgan notarial harakatning nomini elektron tarmoqda aniq ko‘rsatishi va zarur ma’lumotlarni to‘ldirishi kerak bo‘ladi.

Notarius murojaat kelib tushgan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida uni o‘rganib chiqadi va unda kamchiliklar mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.

Notarial harakat taraflari turgan joyda notarius bilan o‘zaro munosabatda bo‘lish chog‘ida begona shaxslar bo‘lmasligi, xona yorug‘ va shovqindan himoyalangan, video tasvir aniq bo‘lishi shart.

Notarial harakatning loyihasi imzolashga tayyor bo‘lganidan keyin notarius taraflarga ularning huquq va majburiyatlarini, amalga oshirilayotgan notarial harakatning mohiyati va oqibatlarini tushuntiradi.