Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan diniy ulamo, Azon New Media asoschisi Alisher Tursunovning sog‘lig‘i va 5-son manzil-koloniyadagi sharoitlarini o‘rgandi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.

Monitoring davomida mahkumlar bilan suhbatlar o‘tkazildi, jumladan, mahkum Alisher Tursunov bilan yakka tartibda suhbatlashildi, shuningdek, uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.

Alisher Tursunovning muassasada tibbiy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha shikoyatlari bo‘lmagan, muntazam ravishda to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, faqatgina sog‘lig‘ida ilgari mavjud bo‘lgan kasalliklar bilan bog‘liq kichik o‘zgarishlar mavjud, shu bilan birga u tegishli tibbiy yordam oladi. Shuningdek, u o‘z xohishiga ko‘ra oshxonada ishlashga jalb qilinganini, qonunchilikda belgilangan vaqtdan tashqari ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilinmasligini va mehnat sharoitlari mehnatni muhofaza qilish talablariga javob berishini ta’kidladi.

Yashash sharoiti va oziq-ovqat ta’minotidan ham shikoyatlari yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘ini inobatga olgan holda belgilangan me’yorlarga muvofiq oziq-ovqat bilan ta’minlanadi. Yakka tartibdagi suhbat davomida mahkum Alisher Tursunov hech qanday savol bilan murojaat qilmadi.

Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan mazkur muassasaga 2025 yilning noyabr va dekabr oylarida amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida mahkum Tursunovdan hech qanday murojaat kelib tushmagan.