Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahridagi 30-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachilar imkoniyati cheklangan bolalarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani aks etgan video tarqaldi. Holat Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.
Tekshiruv davomida tarbiyachilarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berildi. Natijada qo‘pol muomalaga yo‘l qo‘ygan tarbiyachilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Bolalar ombudsmani va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokida ota-onalar va tarbiyachilar bilan tushuntirish suhbatlari o‘tkazildi.
Mazkur ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi binosi hozirda ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi sababli tarbiyalanuvchilar qo‘shni maktabgacha ta’lim muassasasiga vaqtincha joylashtirilgan. Voqea aynan shu vaqtinchalik joylashtirish joyida sodir bo‘lgan.