Ijtimoiy tarmoqlarda 15-yanvardan boshlab dorixonalarda antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar va tizimli ta’sirga ega gormonal preparatlar qat’iy elektron retsept bo‘yicha berilishi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Qayd etilishicha, bu DMED elektron tizimiga o‘tishning birinchi bosqichi bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yuqorida ko‘rsatilgan dori vositalari dorixonalarda ushbu tartibga muvofiq – elektron retsept bo‘yicha berilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirining 2025-yil 15-dekabrda “Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha tegishli buyrug‘i qabul qilingan.
Dastlabki bosqichda antibiotiklar, tizimli ta’sirga ega bo‘lgan sintetik antibakterial dori vositalari, shuningdek, tizimli ta’sirga ega bo‘lgan gormonal dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash hamda dorixonalarda elektron retsept asosida berish tartibi belgilandi.
Ya’ni, yuqoridagi hujjat Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 15-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va ushbu tartib tarqatilgan xabarlarda aytilganidek, 2026-yil 15-yanvardan emas, balki 2025-yil 16-dekabrdan — buyruq kuchga kirgan kundan boshlab amal qila boshlaydi, — deya xulosa qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.