Erondagi O‘zbekiston fuqarolari norozilik namoyishlari fonida ehtiyotkorlik va hushyorlikni saqlashga chaqirildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tashqi ishlar vazirligi Erondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. O‘zbekistonning mamlakatdagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda namoyishlar chog‘ida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar qayd etilmagan.

Shu munosabat bilan Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini miting va namoyishlarda ishtirok etmaslikka, odamlar gavjum joylardan uzoqroqda bo‘lishga va shaxsiy xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz, — deyiladi xabarda.

Zarurat tug‘ilganda fuqarolar O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasiga quyidagi telefonlar orqali murojaat qilishlari mumkin:

  • +98 21 2229 9780;
  • +98 21 2283 2025.

Erondagi norozilik namoyishlari 28-dekabr kuni Tehrondagi do‘konlar egalarining ish tashlashi bilan boshlandi. Ular Eron rialining dollarga nisbatan navbatdagi keskin pasayishidan norozi bo‘lib, bu inflyatsiyani tezlashtirdi. Tez orada aksiyalar mamlakatning barcha viloyatlariga tarqaldi.

Amerikaning Human Rights Activist New Agency inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 12-yanvar holatiga ko‘ra, 646 nafar namoyish ishtirokchisi va 133 nafar Eron xavfsizlik kuchlari xodimi halok bo‘lgan, 10 mingdan ortiq kishi hibsga olingan. So‘nggi bir necha kun ichida mamlakatda internet deyarli butunlay o‘chirilgan, shuning uchun qurbonlarning aniq soni noma’lum.