Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov nomidan firibgarlar soxta akkauntlar ochishni boshlagan. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hisoblarda hokimning fotosurati, ismi va familiyasi ishlatiladi. Jinoyatchilar aldash maqsadida fuqarolarga murojaat yo‘llamoqda.

Toshkent shahar hokimi nomidan ochilgan, shaxsiy yozishmalar olib boruvchi yoki turli iltimos va takliflar bilan murojaat qiluvchi bunday akkauntlarning barchasi soxta hisoblanadi. Ularga ishonmaslik va ular bilan muloqot qilmaslik qat’iy tavsiya etiladi. Ularning barchasi firibgarlarga tegishli, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimi yoki hokimlikka aloqador mansabdor shaxslar fuqarolarga murojaat qilish maqsadida shaxsiy xabar yubormaydi. Fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlarini begona shaxslarga bermaslik, shubhali xabarlar va akkauntlar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish so‘ralgan.