O‘zbekiston hududiga sovuq antitsiklon kirib keladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va antitsiklon kirib kelishi davrida atmosferada havo almashinuvi zaiflashadi. Natijada atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar va mayda zarrachalar (PM2,5/PM10) to‘planishi mumkin, bu esa havoning ifloslanish ko‘rsatkichlarining oshishiga olib keladi. Bu jarayon 3 kungacha davom etishi mumkin.

So‘ngra antitsiklon ta’siri asta-sekin kuchayadi va 16-17 yanvar kunlari respublikaning deyarli barcha hududlarida havo harorati pasayishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat ham pasayadi, kechasi va ertalab sovuq kuchayadi.

Shu bilan birga antitsiklon ta’siri natijasida yog‘ingarchilik bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Ayrim joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi qisqa muddatli yog‘ingarchilik bo‘ladi. Yog‘ingarchilik va shamolning kuchayishi atmosferada to‘plangan mayda zarrachalarning yuvilib ketishiga yordam beradi, bu esa atmosfera havosi sifatining vaqtinchalik yaxshilanishiga olib kelishi mumkin.