O‘zbekiston Markaziy banki Yangi bankdan bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasini qaytarib oldi.

Qaror regulyator boshqaruvining 15-yanvardagi qarori bilan qabul qilingan. Bank faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yetarli natija bermadi.

Xususan, Yangi bank ustav kapitali qonunchilikda belgilangan minimal darajaga yetkazilmagan, shuningdek, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunning ayrim talablari bajarilmagan.

Qonunchilikka ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan bank ustav kapitalining eng kam miqdori 500 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak. Biroq, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, bankning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy bank bank kuzatuv kengashi va boshqaruviga ustav kapitalini normativlarga muvofiqlashtirish talabi bilan bir necha bor yozma ogohlantirishlar yuborgan. Shunga qaramay, yetarli amaliy choralar ko‘rilmagan.

Regulyator, shuningdek, ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda belgilangan cheklovlarga rioya qilinmayotganini ta’kidladi. Qonunning 54-moddasiga muvofiq, bunday qoidabuzarliklar qo‘pol qoidabuzarliklar hisoblanadi va bank litsenziyasini chaqirib olish uchun asos bo‘ladi.