Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga doir yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilayotgan reydlar chog‘ida fuqarolar huquqlari buzilayotgani jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘layotganiga e’tibor qaratdi. Prezident bunday holatlarning aksariyatida Tashqi ishlar vazirligi faqat rasmiy nota yuborish bilan cheklanishini aytdi.

Elchi va konsullar har bir shunday holat bo‘yicha malakali yuridik yordam ko‘rsatishi, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xorijdagi yoshlar yoki talabalarning turli buzg‘unchi oqimlarga qo‘shilib qolishi barchada jiddiy xavotir uyg‘otishi kerak.

Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlarimiz ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini o‘rganib, yechimi bo‘yicha ishlashi shart, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonliklar uchun bepul koll-markaz tashkil etish, tegishli vazirliklar bilan birga ularning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish tizimini shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.