O‘zbekiston fuqarolarni AQShga mavsumiy ishlarga yuborish masalasi ustida ishlamoqda. Bu haqda prezident yig‘ilishida ma’lum qilindi.
2025-yilda AQSH hukumati qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun maxsus vizalar olish tartibini soddalashtirdi. Diplomatik vakolatxona rahbariga O‘zbekistonni fuqarolari AQShga mavsumiy ishlash uchun borishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borish vazifasi topshirildi.
Prezident viloyat hokimlari xorijiy ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lgan rivojlangan davlatlar hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishi kerakligini ta’kidladi. Elchilar nafaqat xorijda yaxshi haq to‘lanadigan bo‘sh ish o‘rinlarini topish, balki qabul qiluvchi mamlakatlar talablarini hisobga olgan holda fuqarolarni kerakli kasblar va xorijiy tillarga o‘qitishni tashkil etish uchun ham mas’ul bo‘ladi.
Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va O‘mon bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha bitimlar tuzish muhimligi alohida ta’kidlandi.