O‘zbekistonda 15-yanvar holatiga ko‘ra, aholining chiqindi tashish xizmatlari uchun 9,3 mlrd so‘mlik qarzdorligi mavjudligi sababli 2100 qisqa raqamidan 118 646 ta abonentga ogohlantiruvchi SMS-xabarnomalar yuborilgan. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Agentlikning qayd etishicha, ushbu ogohlantirish olingandan so‘ng 5 kun ichida qarzdorlik to‘lanmasa, abonentlarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklanadi. Mazkur tartib o‘tgan yilning 1 iyulidan boshlab chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bo‘yicha shakllangan qarzdorliklarga nisbatan qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, aholi chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun hisoblangan to‘lovlarning 90 foizini to‘lagan. Tizimdan 200 mlrd so‘mdan ortiq noreal qarzdorlik chiqarib tashlandi.