O‘zbekiston maktablarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan boshlab:

  • aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida “Kitob — ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi;
  • davlat organlarining kitoblar va kitobxonlik madaniyati to‘g‘risidagi reklamasi ijtimoiy axborot (reklama) sifatida e’tirof etiladi;
  • transport infratuzilmasi obyektlari va transport vositalarida (avtobus, metropoliten, samolyot, poyezd) simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi, qulaylik uchun QR-kodlar o‘rnatiladi.

Umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi:

  • klublar a’zolari o‘rtasida kitoblar mazmunini tahlil qilishga bag‘ishlangan munozaralar o‘tkaziladi;
  • maktablarda klub a’zolari tomonidan yiliga kamida 20 ta kitob o‘qilishi tashkil etiladi;
  • har chorakda tuman (shahar) lar kesimida kitobxonlik klublarining eng faol a’zolari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantiriladi.