O‘zbekistonda kitob o‘qigan mahkumlarga jazo muddati qisqartiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan shaxslarga nisbatan kitob o‘qiganlik uchun jazoni o‘tash muddati qisqartirilishi mumkin. Maxsus komissiya mahkumning belgilangan tartibda tasdiqlangan va to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qiganligi faktini tasdiqlashi kerak.

Jazo muddati har bir o‘qilgan kitob uchun 3 kunga, lekin bir yil davomida 30 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga qisqartirilishi mumkin. Kitoblar o‘qilganligini aniqlash jazoni ijro etish muassasasi xodimlari va jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tomonidan mahkumning arizasi asosida amalga oshiriladi. Komissiya yig‘ilishlari yiliga kamida ikki marta o‘tkaziladi.

Imtihon natijalariga ko‘ra komissiya mahkumlarning kitob o‘qiganligi faktini tasdiqlash to‘g‘risida xulosa qabul qiladi. Xulosaning ko‘chirma nusxasi prokurorga yuboriladi, mahkumga imzo qo‘ydirib topshiriladi, shuningdek uning so‘roviga ko‘ra himoyachisiga beriladi.

Kitob o‘qilganligi faktini tasdiqlash to‘g‘risida xulosa qabul qilingan taqdirda muassasa ma’muriyati mahkum tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan jazoni o‘tash muddatini qisqartirish to‘g‘risida sudga taqdimnoma yuboradi. Keyinchalik mahkumning tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan jazoni o‘tash muddatini qisqartirish sudning qarori bilan amalga oshiriladi.