Maxsus komissiya ayrim sanoat korxonalarini Toshkentdan tashqariga ko‘chirishni boshladi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bitta sanoat korxonasini boshqa joyga ko‘chirish shaharda chiqindilar hajmini yiliga 226 tonnadan ko‘proqqa kamaytirish imkonini beradi. Hujjatda tegishli tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridan asbest va sement sanoati, charm-poyabzal va parrandachilik, qora va rangli metallurgiya, shuningdek, energiya iste’moli yuqori bo‘lgan boshqa tarmoqlar korxonalarini olib chiqish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Toshkent shahrida 87 ta korxona mavjud bo‘lib, ularning faoliyati ushbu talablarga javob beradi. Ularni mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviy ekologik standartlarga muvofiqlashtirish sharti bilan bosqichma-bosqich ko‘chirish rejalashtirilmoqda.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida Maxsus komissiya tomonidan sanoat obyektlarida doimiy ravishda reyd tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi Janubiy sanoat zonasida ikkilamchi rangli metallarni tayyorlash, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “O‘zikkilamchiranglimetall” korxonasi faoliyati ko‘zdan kechirildi. U I toifali ekologik xavfli obyektlar qatoriga kiradi.

2025-yil oktyabr oyida o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlangan. Korxona nomiga majburiy ko‘rsatma berilib, yetkazilgan ekologik zarar uchun 18 mlrd 91 mln 717 ming 137 so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblangan.

Maxsus komissiya qarori va Ekologiya qo‘mitasi ko‘rsatmalariga asosan atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olish maqsadida korxona Jizzax viloyatining sanoat zonasiga ko‘chiriladi va Yangihayot tumani hududida ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatadi.

Kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar hisobidan eskirgan va ekologik jihatdan zararli bo‘lgan eritish pechlari utilizatsiya qilinadi, korxonaning o‘zi esa o‘z faoliyatini zamonaviy ekologik talablarga to‘liq javob beradigan yanada texnologik jihatdan takomillashgan uskunalarda davom ettiradi.