Toshkentda bir nechta korxonalarga avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish majburiyati yuklatildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maxsus komissiya tomonidan Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan Procab, Asl Oyna va Alutex hamda Yangihayot tumani hududida joylashgan PROFPACK korxonalari faoliyatida ekologik tadqiqotlar o‘tkazildi.

Procab turli diametrdagi alyuminiy va mis kabellar, Alutex — alyuminiy profillar, Asl Oyna — shisha buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ko‘rsatilgan korxonalar atrof-muhitga yuqori darajada salbiy ta’sir ko‘rsatadigan obyektlar qatoriga kiradi.

Yuqorida sanab o‘tilgan korxonalar faoliyati jarayonida atmosferaga azot dioksidi, uglerod oksidi, alyuminiy va mis oksidlarini chiqaradi. Shu bilan birga, ushbu korxonalarda atmosferaga chiqarilayotgan gazlarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalari o‘rnatilmagan.

PROFPACK gofrirlangan qog‘oz va karton ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va ekologik xavf darajasi past bo‘lgan obyektlar qatoriga kiradi.

Qo‘mita prezident farmoniga ko‘ra, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan I va II toifadagi obyektlar uchun atmosfera havosini ifloslantirishning ustuvor statsionar (tashkil etilgan) manbalaridan kelib chiqadigan chiqindilarni avtomatik monitoring qilish stansiyalarini majburiy o‘rnatish ko‘zda tutilganini eslatdi. Stansiyalar o‘rnatilmagan taqdirda kompensatsiya to‘lovlari besh baravar miqdorda hisoblab chiqariladi.

O‘rganishlar davomida korxonalarda ifloslantiruvchi moddalar monitoringi bo‘yicha avtomatik stansiyalar o‘rnatilmaganligi aniqlandi.

Shu munosabat bilan ushbu korxonalarga avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha majburiy yozma ko‘rsatmalar berildi, shuningdek, ular o‘rnatilmagan taqdirda kompensatsiya to‘lovlari besh baravar miqdorda undirilishi tushuntirildi, — deyiladi xabarda.