Shavkat Mirziyoyev sport sohasidagi 2025 yilgi natijalar va 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aholini ommaviy sport bilan qamrab olish 15 million nafarga yetdi, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi fuqarolar soni so‘nggi yillarda qariyb 1,5 barobar ko‘paydi.

Prezidentimiz erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaslik kerakligini ta’kidladi. Qator sport turlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar hali infratuzilma va salohiyatga mos emasligini qayd etib, ommaviy sport qamrovini 17 million nafarga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Xalqaro sport o‘yinlari va olimpiadalar zaxirasini shakllantirish maqsadida Prezident olimpiadasi doirasida seleksiya tizimini joriy etish davom etmoqda. Shavkat Mirziyoyev musobaqalarni yiliga ikki marta o‘tkazish, ularni hududlarda 13−14 yosh toifasi o‘rtasida tashkil etish, shuningdek, sport turlari sonini bosqichma-bosqich 20 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi.

Davlat rahbari sportdagi natijalar nafaqat obyektlar qurilishi va musobaqalar o‘tkazilishiga, balki sport ilmidagi tizimli ishlarga ham bog‘liqligini ko‘rsatib o‘tdi. Sport farmakologiyasi, diyetologiyasi, jismoniy va funksional tayyorgarlik, reabilitatsiya, yuklamalarni individual rejalashtirish sohalarida zamonaviy usullarni faolroq joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Prezident sportni rivojlantirishga xususiy sektor va investorlarni kengroq jalb qilish zarurligini ta’kidlab, sport infratuzilmasi, mashg‘ulot markazlari va sport xizmatlari sohasidagi investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev sport maktablari mahalla darajasida ishlashi kerakligini alohida ta’kidladi. Prezident iqtidorli bolalarni erta aniqlash va maqsadli tayyorlash tizimini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston sport kurashlari bo‘yicha mintaqada va jahonda kuchli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ushbu yo‘nalishni ommalashtirish maqsadida Yakkakurash sport turlari bo‘yicha viloyat akademiyasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu yildan Prezident kubogi, “O‘zbekiston botirlari” turniri, Bosh prokuror kubogi, harbiylar o‘rtasida kurash musobaqalari muntazam o‘tkazib boriladigan bo‘ldi.

2026-yilda hududlarda qurilayotgan maktablarda milliy kurash bilan birga yunon-rum, erkin va ayollar kurashi bo‘yicha ham sportchilar tayyorlanadi. Yil yakuniga qadar har bir tuman va shaharda kamida bittadan maktabda kurash to‘garaklari ochiladi.