O‘zbekistonda endi bir kun ichida faqat bitta bankda onlayn kredit rasmiylashtirish mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, onlayn kredit olish uchun ariza berishda kredit tashkiloti birinchi navbatda kredit shartnomasini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestridagi foydalanuvchi ma’lumotlarini tekshiradi.
Agar reyestrda foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniqlanmasa, onlayn kredit berish jarayoni davom etadi. Bitta JSHSHIR bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkilotlaridan so‘rovlar yuborilgan taqdirda, kredit byurosi faqat birinchi kelib tushgan so‘rovga javob beradi.
Agar birinchi so‘rovni yuborgan kredit tashkiloti ushbu JSHSHIR bo‘yicha onlayn kredit rasmiylashtirilganligini ma’lum qilsa, kredit byurosi boshqa kredit tashkilotlariga ushbu JSHSHIR bo‘yicha 24 soat ichida so‘rovlar qabul qilinmasligini ma’lum qiladi.