Kredit-to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofaviy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlashga qo‘yiladigan minimal talablar hamda firibgarlikning oldini olish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Yangi tartibga ko‘ra, kredit tashkiloti firibgarlik natijasida nomiga onlayn kredit berilgan fuqaroni tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga asosan jabrlanuvchi deb topsa, ushbu onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblash va undirishni to‘xtatadi.

Kredit tashkiloti yetkazilgan moddiy zararni onlayn kreditni rasmiylashtirishda firibgarlik sodir etgan shaxsdan regress tartibida undirishga haqli. Firibgarlikka shubha tug‘ilganda, tashkilot qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat berishga haqli.

Agar surishtiruv, dastlabki tergov natijalariga ko‘ra yoki sud qarori asosida firibgarlik sodir etilmaganligi aniqlansa, kredit tashkiloti onlayn kredit bo‘yicha foizlarni hisoblash va undirishni tiklaydi.