O‘zbekistonda mobil ilovalar orqali onlayn firibgarlikka qarshi talablar kuchaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchining akkauntiga faqat ushbu shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvaraqlari, bank kartalari va elektron hamyonlar biriktirilishi mumkin, ushbu akkaunt orqali P2P o‘tkazmalarini amalga oshirishga xuddi shu shartlarda ruxsat beriladi.

Endilikda foydalanuvchining telefon raqami va JSHSHIR muvofiqligi tekshiriladi, nomuvofiqlik aniqlangan taqdirda mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish va bank kartasini biriktirish imkoni bo‘lmaydi.

Kredit va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiya qilishda “jonli mavjudlik” omillarini aniqlashga majbur bo‘ladi.

Bir martalik SMS-xabar orqali telefonga yuborilgan kodni uch marta noto‘g‘ri kiritishga urinilganda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari vaqtincha 15 daqiqaga cheklanadi.

Mobil ilova hisobiga boshqa qurilmadan kirilsa yoki parol tiklansa, ushbu hisobga biriktirilgan barcha bank kartalari ilovadan avtomatik o‘chirib tashlanadi.

Shuningdek, qurilmadan bank kartalari bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi o‘chirib tashlanadi. Bunda bank kartalarini qayta bog‘lash biometrik identifikatsiyadan o‘tgan holda amalga oshiriladi.