2026-yil aprel oyidan boshlab O‘zbekistonda mobil operatorlarga abonentning roziligisiz xizmatlarni ulash taqiqlandi, shuningdek, amaldagi tarifni bepul almashtirish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xizmat ko‘rsatishni davom ettirish (mavjud bo‘lmagan raqam holatiga o‘tkazish) uchun shaxsiy hisobvaraqda mablag‘lar yetarli bo‘lmaganda mobil aloqa operatori va abonent o‘rtasidagi shartnomani bekor qilish muddati 2 oydan bir yilgacha uzaytiriladi.
Abonentlar amaldagi tarif rejasini boshqa har qanday tarif rejasiga to‘lovsiz bepul almashtirishlari mumkin. Muayyan guruhlar yoki cheklangan hududlar uchun ishlab chiqilgan alohida tarif rejalariga o‘tish bundan mustasno. Amaldagi tariflar shartlari o‘zgarganda abonentlar bu haqda kamida 15 kun oldin OAV, rasmiy veb-sayt yoki SMS-xabarlar orqali xabardor qilinishi shart.
Xizmat ko‘rsatish punktiga borish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar, shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida sayyor mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish tashkil etiladi.
Shuningdek, abonentdan abonent to‘lovi va xizmatlar uchun mablag‘larni yechib olishda foydalanuvchining hisob raqamini salbiy holatga keltirish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, abonentlar prezident virtual qabulxonasining ishonch telefon raqamlariga tunu kun bepul qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini ko‘chirish endi xizmat ko‘rsatish markazlarida 8 ish soatida emas, balki 20 daqiqada amalga oshiriladi.
Pulli qo‘shimcha xizmatlarga ulanishda mobil aloqa abonentlariga kontent xizmatlarini ko‘rsatishning quyidagi yangi tartibi belgilandi:
- xizmatlarni faollashtirish operatorlarning mobil ilovalari yoki USSD-kodlar orqali amalga oshiriladi;
- obunachilarning roziligisiz xizmatlarni avtomatik ravishda ulashga yoki dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni pullik rejimga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- kontent provayderlari tomonidan obunachilarga taqdim etiladigan barcha pulli xizmatlar dastlab faolsizlantirilishi kerak.