Ravshan Mamatov O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori lavozimidan ozod etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Uning lavozimidan ozod etilishi prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonida ko‘zda tutilgan. Kuni kecha jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident agentlik faoliyatini tanqid qilgan edi. Davlat rahbari uning amalda tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolayotganini aytdi. Prezident Ravshan Mamatovni agar faoliyatida o‘zgarish bo‘lmasa, lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirdi.
Shavkat Mirziyoyev agentlikning mas’uliyati kuchaytirilib, unga tegishli idoralar ishini muvofiqlashtirish, faoliyatini nazorat qilish va baholash vakolatlari berilishini ta’kidladi.
Ravshan Mamatov 2024-yil avgust oyida Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi direktori etib tayinlangan edi. Keyinchalik markaz negizida Giyohvand moddalar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi.