Samarqand viloyatida buyurtma qotillikning oldi olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Gumonlanuvchi toshkentlik fuqarodan qutulish uchun yollanma qotilni qidira boshlagan. Tezkor tadbirlar davomida soxta killer jalb qilindi. Fuqaro unga 2,2 ming dollar to‘lashga va’da bergan.
27-yanvar kuni soxta qotil fuqaroga o‘lik qiyofasida grim qilingan erkakning fotosuratlarini topshirgan. Gumonlanuvchi mukofotni uzatish paytida qo‘lga olindi.
Keyingi tekshiruvlar davomida aniqlanishicha, yollanma qotilni topish topshirig‘ini unga o‘zi ishlayotgan korxona rahbari bergan.
U Toshkentda yashovchi qarindoshini o‘ldirishga buyurtma bergan. Bunga mavjud nizolar va katta miqdordagi qarzdorlik sabab bo‘lgan. Mazkur fuqaro ham qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.