Firibgarlar YTH qoidalarini buzgan haydovchilarni nishonga oldi
Jinoyatchilar pul evaziga jarima ballarini o‘chirib berishni va’da qilmoqda.
O‘zbekistonda haydovchilarga pul evaziga jarima ballarini ma’lumotlar bazasidan o‘chirib berishni taklif qilayotgan firibgarlar aniqlandi. Holat yuzasidan YHXX matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshev munosabat bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, firibgarlar Telegram kanallarida “mijozlar” bilan soxta yozishmalar va videolarni dalil sifatida e’lon qilib, shu orqali fuqarolarni o‘z xizmatlarining samaradorligiga ishontirmoqda. Qayd etilishicha, ular pul evaziga ma’lumotlar bazasidan jarima ballarini o‘chirib tashlashni va’da qilmoqda.
Zoir Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, jarima ballarini hisoblash tizimi avtomatik rejimda ishlaydi va ishonchli himoyalangan bo‘lib, undagi ma’lumotlarni qo‘lda o‘chirish yoki o‘zgartirishning imkoni yo‘q. Shuningdek, YHXB bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab, fuqarolarni firibgarlarga ishonmaslikka hamda shunday takliflar tushgan taqdirda ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirdi.
Avvalroq Toshkentda nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalari Yevropa va Amerika aholisini aldagani haqida xabar berilgandi. Firibgarlar koll-markazlarga xorijiy tillarni biladigan yoshlarni jalb qilib, jabrlanuvchilarga oyiga 70 foiz daromad va’dasi bilan kriptovalyutaga sarmoya kiritishni taklif qilgan.
Добавьте Vzglyad.uz в предпочтительные источники Google. Это бесплатно и занимает 5 секунд, а для нас — лучшая поддержка и мотивация работать ещё лучше.