Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
Prezident bu yozdagi anomal issiq iqlim o‘zgarishining iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, aholi salomatligi hamda hayot sifatiga ta’sirini yaqqol namoyon etganini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbarlari Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlarining barqaror rivojlanishi, iqtisodiy o‘sishi, xavfsizligi va xalqlar farovonligini ta’minlashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.
O‘zbekiston Prezidenti so‘zining avvalida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga norasmiy sammitni o‘tkazish tashabbusi va Issiqko‘l sohilidagi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Maslahat uchrashuvlari formatiga samarali raislik qilgani uchun Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham tashakkur izhor etildi.
Mintaqa mamlakatlari mustaqilligining 35 yilligi arafasida davlatchilikni mustahkamlash, iqtisodiy yuksalish va milliy tiklanish yo‘lida erishilgan yutuqlarga yuksak baho berildi.
“Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yoʻlida birlashmoqda”, dedi prezident.
Murakkab va oldindan aytib bo‘lmaydigan xalqaro vaziyatni tahlil qilar ekan, u uchrashuv ishtirokchilarini bundan buyon ham qat’iy harakat qilishga va yanada yaqinroq muvofiqlashtirilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi — makromintaqaviy bosqichga olib chiqmoqda.
“Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qoʻshnimiz — Afgʻonistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda”, dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash maqsadida mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qarashlar taqdim etildi.
Avvalo, samarali hamkorlik institutlari, tarmoq idoralari o‘rtasidagi yaqin aloqalar, hududlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorligi hamda rivojlanishning muhim yo‘nalishlaridagi uzoq muddatli qo‘shma dasturlarga tayanadigan barqaror mintaqaviy hamkorlik arxitekturasini shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, mintaqaning xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladigan davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlarni rivojlantirish, umumiy raqamli xizmatlarni kengaytirish hamda investitsiya platformalarini ishga tushirish bo‘yicha keyingi qadamlarni puxta ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Istiqbolli vazifa sifatida kadrlar salohiyati, sun’iy intellekt texnologiyalari, ma’lumotlar markazlari va energetika quvvatlarini birlashtiruvchi yaxlit infratuzilma yaratish orqali Markaziy Osiyoni raqobatbardosh ta’lim, fan va innovatsiyalar markaziga aylantirish taklif etildi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish mintaqaviy kun tartibining asosiy mavzularidan biri bo‘lib kelgani va shunday bo‘lib qolishi alohida ta’kidlandi. Umumiy tabiiy makonda yuzaga kelayotgan muammolar davlat chegaralarini tan olmasligi, shu bois ularga javob ham birgalikda topilishi lozimligi qayd etildi.
“Joriy yilgi yozning anomal darajada issiq kelishi iqlim oʻzgarishi allaqachon iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, odamlarning salomatligi va hayot sifatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladigan omilga aylanib borayotganini yana bir bor koʻrsatdi. Ana shunday yangi xavf-xatarlarga birgalikda moslashish boʻyicha uzoq muddatli yechimlarni topish muhimdir”, dedi davlat rahbari.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida gumanitar soha ham alohida qayd etildi. Mintaqa xalqlari asrlar davomida yonma-yon yashab, savdo-sotiqni rivojlantirgan, bilim va madaniy an’analar bilan almashgan. Zamonaviy hamkorlik chuqurlashgani sari umumiylik tuyg‘usi ham mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
“Umummintaqaviy oʻziga xoslik, xalqlarimizning milliy oʻzligi saqlangan holda bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Ishonchim komil, ushbu sohadagi ishlarning mohiyati sifat jihatidan oʻzgarishi xalqlarimiz oʻrtasidagi birlik, hamjihatlik va oʻzaro tushunish tuygʻusini mustahkamlaydi”, dedi mamlakat yetakchisi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti umumiy kuch birlik, o‘zaro ishonch va birgalikdagi bunyodkorlikka sodiqlikda ekaniga qat’iy ishonch bildirdi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon yetakchilari ham so‘zga chiqib, mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan o‘z qarashlarini bildirdi. Sammit yakunida Cho‘lponota deklaratsiyasi qabul qilindi.
Добавьте Vzglyad.uz в предпочтительные источники Google. Это бесплатно и занимает 5 секунд, а для нас — лучшая поддержка и мотивация работать ещё лучше.