2025-yil 1-maydan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida yangi sanoat loyihalarini ishga tushirishga cheklovlar joriy etiladi. Bu “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi boʻyicha Davlat dasturi hamda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid Prezident qarorida koʻzda tutilgan.

Hujjatga koʻra, quyidagilar bilan bogʻliq yangi korxonalarni tashkil etish taqiqlanadi:

  • asbest, sement, shlam va shlaklar ishlab chiqarish;

  • charm-teri va parrandachilik sanoati;

  • koʻmirni zamonaviy chang tutish va gaz tozalash tizimlarisiz yoqish;

  • metallurgiya (qora va rangli), zararli kimyoviy qoʻshimchali shisha ishlab chiqarish;

  • xavflilik darajasi yuqori boʻlgan (I va II klass) chiqindilarni qayta ishlash va yoqish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

2025-yil 1-oktyabrga qadar Ekologiya vazirligi qator idoralar va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ushbu shaharlardagi mavjud korxonalarni bosqichma-bosqich koʻchirish va modernizatsiya qilish boʻyicha takliflar tayyorlashi kerak.