Toshkent, Andijon, Namangan, Fargʻona, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Qaror prezident tomonidan imzolandi.
Hududlarda chiqindilarni qayta ishlash sohasiga zamonaviy yechim va texnologiyalarni joriy etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilinadi.
Elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish shartnomalariga muvofiq, loyiha kompaniyalari ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida “Oʻzenergosotish” AJga kafolatli sotadi. Investorlar va loyiha kompaniyalari 2025-2027-yillarda quyidagi ishlab chiqarish quvvatlariga ega boʻlgan uskunalarni ishga tushirishni taʼminlaydi:
-
Toshkent viloyatida: yiliga 390 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan kuniga 2500 tonna chiqindini termik usulda qayta ishlash;
-
Andijon, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida: kuniga 1500 tonna chiqindini termik usulda qayta ishlab, 240 mln kVt/soat;
-
Namangan va Fargʻona viloyatlarida: 227,5 mln kVt/soat ishlab chiqarish bilan kuniga 1500 tonna chiqindini termik usulda qayta ishlash.