Toshkent viloyatida tadbirkorlarning shaxsan viloyat hokimiga murojaatlari uchun qutilar paydo boʻladi. Viloyat rahbari xatlarni shaxsan ochishga vaʼda berdi.

Zoyir Mirzayev Chirchiq shahrida 300 dan ortiq tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Muloqot davomida 180 nafar tadbirkor shaxsan hokim bilan suhbatlashib, muammolari bilan oʻrtoqlashdi.

Masʼul idoralar xodimlari ishtirokida huquq-tartibot idoralari faoliyati, qurilish va kommunal sohaga oid biznes murojaatlari koʻrib chiqildi.

Tadbirda avvalgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar tanqidiy tahlil qilindi. Xususan, bu boradagi nazorat tizimi va ijro intizomi qoniqarsiz deb topildi.

Topshiriqlar ijrosi ustidan nazorat kuchaytirilib, mutasaddi rahbarlar ishiga tadbirkorlar murojaatlarining oʻz vaqtida va ijobiy hal etilishidan kelib chiqib baho beriladi. Joylarda tadbirkorlarning viloyat hokimiga murojaatlari uchun maxsus qutilar oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Ularni hokim Zoyir Mirzayev ochadi va kelib tushgan har bir biznes murojaatini shaxsan koʻrib chiqadi.