Shavkat Mirziyoyev 10-aprel kuni Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global oʻzgarishlar instituti raisi Toni Blerni qabul qildi.
Oʻzbekistonning ushbu nufuzli tuzilma bilan amaliy hamkorligini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Toni Bler Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va koʻlamini yuksak baholadi, ularni yanada ilgari surish doirasida zarur ekspert-maslahat koʻmagini koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
Iqtisodiyot tarmoqlariga yirik strategik investorlarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etishni jadallashtirish, ustuvor sohalarda qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hamkorlikning boshqa asosiy yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bler tomonidan 2016-yilda tashkil etilgan institut xalqaro notijorat tashkilot hisoblanadi. U turli mamlakatlarga barqaror va innovatsion rivojlanishning yangi modellarini ishlab chiqishda, iqlim oʻzgarishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda koʻmaklashadi.