Oʻzbekistonda eksport salohiyatini oshirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash zanjirini rivojlantirish choralari joriy etiladi. Tegishli qaror prezident tomonidan imzolandi.

Hujjat bilan 2025-2026-yillarga moʻljallangan asosiy koʻrsatkichlar belgilandi:

  • 2025-yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini $3,5 mlrdga yetkazish;

  • 2025-yil yakuniga qadar 8 ta davlatga 30 turdagi yangi mahsulotlarni eksport qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish;

  • 2025-yilda istiqbolli bozorlarga 442 mln dollar, 2026-yilda 575 mln dollar miqdorida meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinishini taʼminlash;

  • 2025-yilda hududlarda jami 2,1 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari uchun qadoq ishlab chiqarish boʻyicha 40,5 million dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish.

2028-yil 1-yanvarga qadar meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy qadoqlarda sotuvga qoʻyayotgan va bir vaqtning oʻzida quyidagi barcha shartlarga rioya etayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun foyda soligʻi va ularning xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan ijtimoiy soliq stavkalari 1% miqdorida belgilanadi:

  • har bir xodimga MHEKMning 2 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda har oylik ish haqi hisoblanishi;

  • soliq davrida zamonaviy qadoqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadning kamida 50 foizini tashkil etadi.

2027-yil 1-aprelga qadar dukkakli ekinlarni ekish, yigʻish va saralash uskunalarini import qilishda bojxona bojining 1 foiz stavkasi qoʻllaniladi.