Oʻzbekistonda boshlangan hafta yomgʻir yogʻishi va harorat pasayishi bilan oʻtadi. Oʻzgidromet tegishli ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.
14-aprelda Oʻzbekiston hududining katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyatida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
15-aprel kuni yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda.Havo harorati shu kunlarda 24-29 daraja atrofida, janubda baʼzi joylarda 32-37 darajagacha boʻladi.
16-aprelda mamlakatning ayrim hududlarida biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. 17-18-aprel kunlari Oʻzbekiston hududining katta qismida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi.
Havo harorati asta-sekin pasayadi, mamlakatning katta qismida 16-aprelda 20-25 daraja, 17-aprelda 18-23 daraja, 18-aprelda 16-21 daraja boʻladi.
Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, baʼzi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Togʻ oldi va togʻli hududlarda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, 17-18-aprelda baʼzi joylarda kuchli boʻladi, ayrim joylarda momaqaldiroq boʻladi. 14-18-aprel kunlari togʻoldi va togʻli hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.