Uzbekistan Airways xabariga koʻra, “Haj – 2025” dasturi boshlanishi munosabati bilan 14-apreldan boshlab Umra toifasidagi vizalari boʻlgan yoʻlovchilar Toshkent – Jidda yoʻnalishidagi reyslarga qabul qilinmaydi.
14-apreldan boshlab aviakompaniya reyslarida Saudiya Arabistoniga joʻnab ketayotgan barcha yoʻlovchilar Uzbekistan Airways reyslari bilan Toshkentga qaytish aviachiptasiga ega boʻlishlari va 30-aprelgacha Saudiya Arabistoni hududini tark etishlari kerak.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent – Jidda – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha muntazam qatnovlari Saudiya Arabistoni fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi sirkulyariga asosan 30-apreldan bekor qilinadi.
Yoʻlovchilarning umra ziyoratini amalga oshirish maqsadida ziyoratgohlarga muntazam qatnovlari bekor qilinib, “Haj” dasturi boʻyicha charter reyslar orqali ziyoratchilarni olib kelish va olib ketish boshlanadi.
Bu yil iyun oyining boshiga toʻgʻri keladigan Haj ziyoratchilari bilan keladigan reyslar 29-apreldan 31-maygacha, joʻnab ketadiganlari esa 10-iyundan 10-iyulgacha amalga oshirilishi mumkin. Haj mavsumi tugagach, Jiddaga muntazam aviaqatnovlar tiklanishi kerak.
Umra ziyorati uchun muntazam aviachiptalarni xarid qilgan barchaga Uzbekistan Airways toʻliq miqdorda pulni qaytarib beradi.