OʻzLiDeP deputati Shuhrat Sharafutdinov Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga buzilgan uy-joylar va olib qoʻyilgan yer uchastkalari uchun kompensatsiya toʻlash boʻyicha parlament soʻrovi yubordi.

U oʻz murojaatida Konstitutsiyaga koʻra, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati va unga yetkazilgan zararning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng ulushlarda qoplanishini taʼkidladi.

“Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunda jismoniy va yuridik shaxslardan yer uchastkalarini davlat ehtiyojlari uchun majburiy olib qoʻyishda kompensatsiya toʻlovlari tartibi, muddatlari va miqdorlarini belgilash mexanizmlari batafsil bayon etilgan.

Biroq soʻnggi paytlarda mahalliy hokimliklar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan davlat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan yer uchastkalari uchun kompensatsiya pullari oʻz vaqtida toʻlanmayotgani, mulkdorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari turli bahonalar bilan buzilayotgani, ayrim hollarda esa boshqa shu kabi noxush holatlar boʻyicha koʻplab shikoyatlar kelib tushmoqda.

Fraksiya deputati Toshkent shahar hokimiga davlat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan yer uchastkalari va ularda joylashgan koʻchmas mulk egalariga kompensatsiya toʻlashda qonun hujjatlari buzilishi holatlari yuzasidan soʻrov yubordi.