Saratov viloyatida olti nafar o‘zbekistonlik yirik YTHga uchradi, ulardan biri halok bo‘ldi. Oʻzbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi matbuot xizmati qoʻshimcha maʼlumot berdi.

Hodisa 16 aprel kuni soat 01:10 atrofida Tambov Penza Saratov Pristannoye Ershov Ozinki avtomagistralida sodir bo‘lgan. Oʻzbekiston fuqarolariga tegishli “Lada Largus” avtomashinasi “Autogalantas” yuk mashinasiga borib urilgan, bir fuqaro halok boʻlgan, yana besh nafari tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Bosh konsullik xodimlari nazoratni o‘z qo‘liga oldi. Diplomatlar Saratov viloyatining vakolatli va masʼul organlari bilan aloqa oʻrnatgan, halok boʻlgan fuqaroning jasadini vataniga olib kelish ishlari boshlangan, jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda, deyiladi xabarda.

Davlat yoʻl harakati xavfsizligi inspeksiyasi Saratov viloyati boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, hodisa natijasida yengil avtomobil yonib ketgan. Halok bo‘lgan fuqaro yo‘lovchi bo‘lgan. 1968-yilda tug‘ilgan haydovchi va yana to‘rt nafar yo‘lovchi: ikki ayol (1980 va 2002-yillarda tug‘ilgan) va ikki erkak (1991 va 2005-yillarda tug‘ilgan) jarohatlangan.