Shavkat Mirziyoyev U-17 Osiyo kubogida g‘olib chiqqan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasiga tabrik maktubi yo‘lladi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham magʻlubiyatga uchramasdan, rekord natija koʻrsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea, desak, toʻgʻri boʻladi.

Prezident turnir mezbonlari, juda kuchli Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi keskin kechgan final uchrashuvi, ayniqsa, jasorat va matonat namoyishi boʻlganini taʼkidladi.

Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi gʻoyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, oʻn bir oʻyinchiga qarshi toʻqqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi boʻldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari, shuningdek, individual sovrinlarni qoʻlga kiritgan uch nafar iqtidorli futbolchi salohiyatini ham yuqori baholadi: Ne’matulloh Rustamjonov turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev eng yaxshi toʻpurar, Sadriddin Hasanov chempionatning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi Oʻzbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini koʻradi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Oʻzbekiston rahbari ushbu tarixiy gʻalaba uchun futbolchilar, ularning ota-onalari va murabbiylariga samimiy minnatdorlik bildirib, jamoa gʻalabasini sport, jumladan, futbol rivojiga qaratilayotgan ulkan eʼtiborning yana bir natijasi deb atadi. Shavkat Mirziyoyev ushbu gʻalabadan ruhlangan futbolchilar shu yilning noyabr oyida Qatarda boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida allaqachon Osiyo chempioni sifatida munosib ishtirok etishiga ishonch bildirdi.