Namangan shahri hokimi Anvar Otaxo‘jayev viloyat ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Mansur Gaziyevga noqonuniy o‘rnatilgan foto va videoradarlarni demontaj qilishni so‘rab xat yo‘lladi.
Shahar rahbarining taʼkidlashicha, aholi bilan uchrashuvlar chogʻida avtomatik foto va videokameralar tomonidan qayd etilgan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima solinganidan noroziliklar koʻp eshitiladi.
Shahar va tumanlar jamoat ishlari bo‘limlari balansida bo‘lgan binolar tomlari va ko‘chalarni yoritish tayanchlariga me’yorlarga zid ravishda o‘rnatilgan kameralar tomonidan qoidabuzarliklar qayd etilishi Namangan shahri fuqarolariga ham moddiy, ham ma’naviy zarar yetkazmoqda, – dedi hokim.
Anvar Otaxo‘jayev Namangan, Davlatobod va Yanginamangan tumanlarida o‘rnatilgan shu kabi kameralarni tizimdan olib tashlashni so‘radi. U ushbu kameralar maʼlumotlari asosida jarima qoʻllashni toʻxtatib turishni va ulardan faqat xavfsizlik maqsadida foydalanishni soʻradi.