Toshkentda Davlat tibbiyot universiteti ochiladi. Bu prezidentning “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Universitet Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida tashkil etiladi. Shu bilan birga, Toshkent tibbiyot akademiyasi Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi negizida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti tashkil etiladi.
Hujjatda bir qator o’zgarishlar ham kutilmoqda:
- Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali Urganch davlat tibbiyot instituti etib qayta tashkil etiladi;
- Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi va Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikalari deb qayta nomlanadi;
- Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz va Chirchiq filiallari Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz va Chirchiq filiallari deb qayta nomlanadi;
- Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi akademik litsey, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey va Toshkent davlat stomatologiya instituti qoshidagi akademik litsey nomi Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1, 2 va 3-sonli akademik litseylari deb o‘zgartiriladi.
Prezidentimiz ta’lim dasturlarini xalqaro tibbiy ta’lim standartlariga muvofiqlashtirish, kompetensiyaga asoslangan tibbiy ta’lim dasturlarini joriy etishni asosiy vazifalardan biri sifatida qayd etdi.