Toshkentda 1-may kuni Qushbegi bo‘yicha “Yakkasaroy” kichik sanoat zonasidagi sintepon ishlab chiqarish sexi hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Voqea joyiga soat 07:04 da yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib borgan. Yong‘in soat 07:45 da qurshab olingan va soat 08:09 da to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘in o‘chirilgach, voqea joyi ko‘zdan kechirilganda ikki nafar fuqaroning jasadi topilgan. Shuningdek, 5 kishi tan jarohati bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Dastlabki versiyaga ko‘ra, yong‘in ishlab chiqarishdagi texnologik jarayonning buzilishi natijasida kelib chiqqan. Yong‘inni bartaraf etishda 11 ta asosiy va 6 ta maxsus yong‘in o‘chirish texnikasi jalb etilgan. Yong‘in sexning taxminan 700 kvadrat metr maydonini, xususan, tom, shift va mahsulotlarni yo‘q qildi.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Voqea joyida IIB, SSV va prokuratura vakillari ishlamoqda.