O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalari Amudaryo suv havzasini birgalikda boshqarish, suvdan adolatli va oqilona foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Hujjat tafsilotlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati tomonidan xabar qilinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuhurov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Afg‘onistonga amaliy tashrifi chog‘ida kelishuv imzolandi. Hujjat nafaqat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlaydi, balki Markaziy Osiyoda ekologik barqarorlik va transchegaraviy suv resurslari bo‘yicha kelajakdagi mas’uliyatli yondashuvlarni belgilab beradi.

Balx viloyati hokimi Muhammad Yusuf Vafo bilan uchrashuvda ikki tomonlama savdo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti va importi tartib-taomillarini soddalashtirish, o‘simliklar karantini, suv resurslaridan barqaror foydalanish va ularni birgalikda boshqarish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, delegatsiya Afg‘onistonning qishloq xo‘jaligi, suv va energetika vazirliklari bilan ham amaliy muzokaralar o‘tkazdi.
Muhokama qilingan har bir yo‘nalish butun Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy barqarorligi va ekologik xavfsizligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.