Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Urganchga aviaqatnovlarni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari viloyatni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi.

Mahalliy aviaqatnovlarning 95 foizi Uzbekistan Airways va Silk Avia aviakompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Qolgan 14 ta reysni yana to‘rtta mahalliy aviakompaniya amalga oshiradi.

Sababi, ichki reyslar xususiy kompaniyalar uchun qiziq emas va ular asosan xorijga parvoz qiladi. Masalan, ichki bozorda raqobat yo‘qligi sababli Toshkent – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha chiptalar parvozdan bir hafta oldin tugaydi, ularning narxi esa yuqoriligicha qolmoqda.

Bunday vaziyatda chet ellik sayyoh tugul, mahalliy aholi ham chet elga borishni afzal ko‘radi, — dedi prezident.

Shu bois mutasaddilarga xususiy kompaniyalarni jalb qilib, Toshkent – Urganch yo‘nalishida aviaqatnovlar sonini 2 barobar oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, barcha rezident aviakompaniyalar uchun ichki reyslarni subsidiyalash bo‘yicha qaror ishlab chiqib, ijroga qaratish topshirildi. Bundan tashqari, dam olish kunlari poyezdlar tarkibiga qo‘shimcha vagonlar qo‘shib, yo‘lovchi tashishni 1,5 barobarga oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.