O‘zbekiston Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarning huquqlari buzilishi va ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari ko‘payib borayotganidan xavotir bildirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu haqda O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari Bobur Usmonov va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z bordi. Tomonlar O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdilar, ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik formatida bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlar jadvalini kelishib oldi.

Uchrashuvda konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining yuqori darajasi qayd etildi. Har yili konsullik konsultatsiyalari o‘tkaziladi. Shuningdek, migratsiya sohasida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan: har oyda Rossiya Federatsiyasida ishlash uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy qabul qilishni tartibga solish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama ishchi guruh uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Tomonlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muntazam maslahatlashuvlar ikki mamlakat fuqarolarining huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish, konsullik xizmatlari sohasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etishga faol hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston tomoni Rossiya tomonining e’tiborini O‘zbekistondan Rossiya Federatsiyasiga mehnat muhojirlarining huquqlari buzilishi va ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari haqidagi xabarlar ko‘payib borayotganiga qaratdi. Ta’kidlanishicha, bunday xatti-harakatlar Rossiya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini buzish hisoblanadi. Shu munosabat bilan, ko‘tarilgan masalani sinchkovlik bilan o‘rganib chiqish va O‘zbekiston tomonining xavotirini Rossiyaning tegishli vakolatli organlariga yetkazishga chaqiriq bildirildi, — deyiladi xabarda.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat hududida O‘zbekiston va Rossiya fuqarolarining huquq va erkinliklarini o‘zaro ta’minlash bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.