Bloger Farhod Mannopov o‘limiga oid ish: shifokorlarga hukm chiqarildi

O‘zbekiston

Oliy sud bloger Farhod Mannopovning o‘limi bilan bog‘liq ish bo‘yicha hukmni e’lon qildi. Star Med Center klinikasining otorinolaringolog shifokori va anesteziolog-reanimatologi xavf ostida qoldirish moddasi bilan oqlandi, ammo o‘z kasbiy vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi uchun jalb qilindi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudida “Omad plyus” MCHJga qarashli Star Med Center xususiy klinikasining otorinolaringolog shifokori, 1981-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan A.X. va shu klinikada anesteziolog-reanimatolog boʻlib ishlagan 1979-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan J.K.ga nisbatan ish koʻrib chiqildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov.

Sud hukmiga ko‘ra, A.X. va J.K. Jinoyat kodeksining 117-moddasida (Xavf ostida qoldirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilgan. Biroq, ular Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida (O‘z kasbiy vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash va otorinolaringolog mutaxassisligi bo‘yicha 2 yil muddatga muayyan huquqlardan mahrum qilish hamda anesteziolog-reanimatolog bo‘lib ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

J.K.ni 62-modda (Ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘ini hisobga olish qoidalari) bilan 3 yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil muddatga tibbiyot sohasida anesteziolog-reanimatolog bo‘lib ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 5 mart kuni mashhur vayner va yumoristik loyiha asoschisi Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etdi. U o‘zining Mittivine blogini (Instagramda 1,1 million obunachi bor) “Oddiy yigitlar hayoti” deb ta’riflagan.

Bloger basseynda cho‘milayotganda boshidan jarohat olgan. Shundan so‘ng unga jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, ammo u komaga tushib qoldi va o‘ziga kelmadi.

Keyinroq bloger vafot etgan Toshkentdagi Star Med Center xususiy klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Bosh prokuratura Vayner Farhod Mannopovga operatsiya o‘tkazgan barcha shifokorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.