“Agar urushning otashkesimini toʻxtatmoqchi boʻlsak, bizni NATO soyaboni ostiga olish kerak” — Zelenskiy

Dunyo

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Sky News telekanaliga bergan intervyusida, agar uning mamlakati NATOga aʼzo boʻlsa, urushning otashkesimini tugatishga tayyorligini bildirdi. Zelenskiy oʻz qarori Putin qaytib kelishidan qoʻrqishi bilan bogʻliq ekanini tushuntirdi.

Foto: Sky News

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mojaroni tugatish uchun NATO hozirda Kiyev nazorati ostidagi hududlarni oʻz himoyasiga olishi zarurligini taʼkidladi. Bu haqda u Britaniyaning Sky News telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

“Agar urushning otashkesimini toʻxtatmoqchi boʻlsak, Ukrainaning biz nazorat qilayotgan hududlarini NATO soyaboni ostiga olish kerak”, — dedi Zelenskiy. Uning soʻzlariga koʻra, shundan soʻng Ukraina bosib olingan hududlarini tinch yoʻl bilan qaytarib olishi mumkin boʻladi.

Prezident Ukraina harbiy harakatlarga chek qoʻyish uchun hozirgi chegaralari doirasida NATOga aʼzo boʻlishi lozimligini taʼkidladi. Biroq buning uchun NATO Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarini eʼtirof etishi kerak.

Zelenskiyning taʼkidlashicha, oʻt ochishni toʻxtatish Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qaytib kelmasligi va Ukrainaning yangi hududlarini bosib olmasligini kafolatlash uchun zarur. Uning fikricha, NATOga taklif ana shunday kafolat boʻlishi mumkin. Bu u ilgari Gʻarb yetakchilariga taqdim etgan “gʻalaba rejasi”ning birinchi bandidir.

Prezident, shuningdek, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan bevosita muloqot qilish niyatida ekanini va uning qoʻllab-quvvatlashiga umid qilayotganini maʼlum qildi. U toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotning muhimligini taʼkidlab, Tramp atrofida turli nuqtai nazarlar mavjudligini qayd etdi.

Mavzuga oid materiallar