Butun dunyo boʻylab internet foydalanuvchilari “Bemalolxoʻja yigit” (yoki Chill Guy) nomi bilan tanilgan sviter va jinsi shimdagi jigarrang itga oddiy, ammo taʼsirchan tarzda qiziqib qolishdi. Amerikalik rassom Filipp Banks tomonidan yaratilgan bu personaj hayotni oddiy holda qabul qilish falsafasi tufayli tezda internet fenomeniga aylandi.
Kelib chiqish tarixi
Filipp Banks 2023-yil oktyabr oyida X ijtimoiy tarmogʻida “Bemalolxoʻja yigit”ni taqdim etgandi. Bamaylixotir va oʻziga ishongan tabassum bilan turgan it-odam tasvirlanganini koʻrgan foydalanuvchilarning darhol unga mehri tushdi. Rassom oʻz qahramonini “hamma narsaga befarq boʻlgan dam olayotgan yigit” deb taʼrifladi. Yoshlar slengidan foydalanish memni, ayniqsa, rus tilidagi internetda mashhur qildi, u yerda qahramon “Bemalolxoʻja yigit” nomini oldi.
Dastlab mem rassomlarning tor doirasida tarqalgan. Biroq 2024-yilning kuzida TikTok tufayli uning mashhurlik darajasi keskin oshdi. Foydalanuvchilar Gia Margaretning “Hinoki Wood” kabi tinchlantiradigan musiqalar hamda “Dexter” serialidan olingan falsafiy iqtiboslar ostida manzaralardan zavqlanayotgan it bilan videoroliklar yaratishni boshladi. Bu kontent hopecore — xavotirni bartaraf etishga qaratilgan umid estetikasi trendining bir qismiga aylandi.
Mem nima uchun mashhur boʻldi
“Bemalolxoʻja yigit” muvaffaqiyatining asosiy siri — uning universalligidir. Foydalanuvchilar memni oʻzlarining hayotiy vaziyatlariga moslashtirdi: maishiy muammolardan tortib ishdagi stressgacha. Qahramon har qanday qiyinchilik oldida xotirjam boʻlishga daʼvat etib, hayotga stoik munosabatda boʻlish timsoliga aylandi.
“Hech qanday muddatlar yoki qarzlar meni asabiylashtirmaydi — men bemalolxoʻja yigitman”, — deb yozilardi memlarda.
Rus tilida soʻzlashuvchi internetda qahramonni hatto oʻzining vazminligi bilan mashhur boʻlgan rossiyalik reper Jigan bilan taqqoslashdi.
Absurddan psixoterapiyagacha
Memlar bilan tez-tez boʻlganidek, “Bemalolxoʻja yigit” tezda koʻplab variantlarga ega boʻldi. Ular orasida it zararli odatlarni oqlaydigan bemaʼni syujetlar va tomoshabinlarni tinchlantiruvchi ragʻbatlantiruvchi roliklar bor:
“Baʼzida yomon kunlar boʻladi, lekin hammasi yaxshi. Ularga shunchaki oʻtib ketishiga ruxsat ber”.
Oʻzbekistonda memning mashhurligi
Oʻzbekistonda ham “Bemalolxoʻja yigit” kundalik vaziyatlarni kinoyali tarzda aks ettirish qobiliyati tufayli mashhurlikka erishdi. 2024-yil oxiriga kelib, mahalliy foydalanuvchilar personajni milliy kontekstga faol moslashtirib, “Men shunchaki bemalolxoʻja yigitman, men...” iborasi bilan memlar yaratishdi.
Bu yondashuv qahramonni auditoriyaga yaqinlashtirgan holda, kundalik muammolarga nisbatan falsafiy munosabatni taʼkidlaydi.
Davr belgisi
Global ijtimoiy va siyosiy keskinlik fonida “Bemalolxoʻja yigit” memlari madaniy hodisaga aylandi. Ular odamlarga sekinlashish, oʻz ichki holati haqida qaygʻurish va hayotni qanday boʻlsa, shundayligicha qabul qilish muhimligini eslatdilar.
Ushbu mem shunchaki internet-trendi emas, balki davr ramzi — noaniqlik va doimiy oʻzgarishlar sharoitida ruhiy muvozanatni saqlash zarurligini eslatishga aylandi. “Bemalolxoʻja yigit” bizni asosiy narsaga oʻrgatadi: baʼzida shunchaki boʻshashish va hayotning oʻz izidan borishiga imkon berish kerak.