“Gidra” giyohvand moddalar savdosi platformasi asoschisi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Sud “Gidra” giyohvand moddalar savdosi onlayn platformasi asoschisi Stanislav Moiseevni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Moiseev jazosini qattiq tartibli axloq tuzatish koloniyasida oʻtaydi.

Moskva viloyatidagi sud Hydra (“Gidra”) giyohvand moddalar savdosi onlayn platformasi asoschisi Stanislav Moiseevni umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etdi. Bu haqda TASS sud qarori asosida xabar bermoqda.

“Jinoyatdagi sheriklar 8 yildan 23 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinib, umumiy hisobda 16 million rubl miqdorida jarima toʻlashga majbur etildi”, — deyiladi xabarda.

Sudlanuvchilar jinoiy uyushma tashkil etishda, psixotrop va giyohvand moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish hamda sotishda, shu jumladan internet orqali tarqatishda aybdor deb topildi.

Mahkumlar jazoni alohida va qattiq tartibli axloq tuzatish koloniyalarida oʻtaydilar. Bundan tashqari, sud qarori bilan mahkumlarning avtomobillari, yer maydonlari va koʻchmas mulklari davlat foydasiga musodara qilindi.

Aybdorlar matematik hisob-kitoblarni amalga oshiradigan “Kalkulyator” ilovasini yaratishgan, biroq maxsus PIN-kod kiritilganda, yashirin joylashgan giyohvand moddalar koordinatalari paydo boʻlgan.

Giyohvand moddalar ishlab chiqaradigan laboratoriyalar xususiy uylarda joylashgan, garajlarda esa moddalar saqlangan. Taʼkidlanishicha, ishtirokchilar shaxsan uchrashmasdan, faqat internet va telefon orqali aloqada boʻlishgan. Ammo toʻrt yildan soʻng, huquq-tartibot organlari ularning tizimini fosh etishga muvaffaq boʻlishdi. Butun Rossiya boʻylab oʻnlab qoʻlga olish va tintuv ishlari oʻtkazildi.

Mavzuga oid materiallar