Toshkentda uyida yarim kiloga yaqin marixuana saqlagan erkak ushlandi

Toshkentning Uchtepa tumanida yashovchi erkakning yertoʻlasidan yarim kilogrammga yaqin marixuana topildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi hibsga olindi.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi “Yangi Labzak” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaroning uyidan giyohvand moddalarning katta turkumi aniqlandi.

Narkotik moddalar 53 yoshli fuqaroning uy yertoʻlasida saqlangan ekan. Oʻtkir va oʻziga xos hidli, yashil rangli, umumiy ogʻirligi 424,24 gramm boʻlgan 82 ta oʻsimlik novdasi, shuningdek, bir qancha maxsus idishlar topildi. Idishlar ichida maydalangan holda xuddi shunday kelib chiqishga ega boʻlgan, hushni joyiga keltiruvchi hidli moddalar aniqlandi.

Bundan tashqari, turar-joy hududini koʻzdan kechirish jarayonida tomorqada gʻayrioddiy tarkibga ega boʻlgan, yashil rangli, past boʻyli oʻsimlikning 2 ta novdasi topildi.

Giyohvand moddalarni saqlagan fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvand vositalari, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni sotish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar, shuningdek ularni sotish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid materiallar