2-dekabr kuni Fuqarolik jamiyati haftaligi boshlandi. Besh kun ichida bir qator muhim tadbirlar kutilmoqda.
Xalqaro tadbirning ochilishida Senat va Adliya vazirligi vakillari, shuningdek, Konrad Adenauerning Markaziy Osiyo boʻyicha jamgʻarmasi vakillari soʻzga chiqdi.
Haftalikning birinchi kunida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi boʻlib oʻtdi. Uning oʻtkazilishi koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy kooperatsiya va mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini chuqurlashtirishga qaratilgan. Forumda tahliliy markazlarning 100 dan ortiq ekspertlari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida soʻzga chiqqan “Yuksalish” harakati raisi, Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisi Bobur Bekmurodov yangi Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati nafaqat ijtimoiy muammolarni hal etishga koʻmaklashuvchi kuch, balki demokratik jarayonlarni rivojlantirish va aholining har tomonlama farovonligini taʼminlashning asosiy boʻgʻini ekanini taʼkidladi. Bu borada Haftalik fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni mustahkamlash, davlat va fuqarolar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, fuqarolik jamiyatining jamiyat muammolarini hal etishdagi oʻrni va ahamiyatini taʼkidlash uchun muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.
Ishtirokchilar Markaziy Osiyoni demokratlashtirish jarayonida fuqarolik jamiyatining roli, nodavlat notijorat tashkilotlarining mahalliy rivojlanish va islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga qoʻshgan hissasi, nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlikning samarali strategiyalarini muhokama qildilar.
— Fuqarolik jamiyati institutlari mamlakat ichidagi faoliyatidan tashqari xalq diplomatiyasi orqali davlatlar va jamiyatlar oʻrtasidagi munosabatlarni takomillashtirish, ijobiy imijni yaxshilash va madaniy aloqalarni oʻrnatishda oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtaydi, — dedi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Eldor Tulyakov. — Madaniy koʻrgazmalar va taʼlim sohasidagi talabalar almashinuvi Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va onlayn platformalardan foydalanish jamiyatning keng qatlamlarini qamrab olish imkonini beradi. Fuqarolik jamiyati institutlari davlat tashabbuslarini toʻldiradi, xalq diplomatiyasining taʼsirini kengaytiradi. Forumning tashkil etilishi ham xalq diplomatiyasini amalga oshirish namunasidir.
Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan kelgan ishtirokchilar umumiy muammolar, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar, shuningdek, fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldilar. Asosiy eʼtibor jamoat tashkilotlarining barqarorligi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda fuqarolik sektorining roli va davlat tuzilmalari bilan hamkorlik masalalariga qaratildi.
— Mamlakatlarimiz oʻrtasida umumiy jihatlar koʻp va xalqaro maydonda oʻzimizni yanada faolroq namoyon etish vaqti keldi, — deydi Taraqqiyot siyosati instituti kengashi raisi (Qirgʻiziston) Nadejda Dobretsova. — Markaziy Osiyo global jarayonlarning asosiy ishtirokchisiga aylanish salohiyatiga ega. Odamlar va mahalliy jamoalar oʻrtasidagi aloqalar alohida ahamiyatga ega. Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning anʼanaviy mahalliy jamoalari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimdir. Oʻzbekiston Prezidenti mahallalarni rivojlantirishga eʼtibor qaratayotgani oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Ayollar ahvolini yaxshilash va energetika barqarorligini taʼminlash muhim mavzular qatoriga kiradi. Fuqarolik jamiyati darajasida ish olib borib, yuqori natijalarga erishishimiz mumkin.
Tojikistonlik “Atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha yoshlar guruhi” jamoat tashkiloti rahbari Ikromjon Mamadovning taʼkidlashicha, yoshlarning koʻkalamzorlashtirish va ifloslanishga qarshi kurashish loyihalari kabi ekologik tashabbuslari barqaror rivojlanishning ahamiyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga yordam beradi. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlik va tajriba almashish ekologik muammolarni samarali hal qilishga yordam beradi.
Shuningdek, kelgusida ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy rivojlanish sohasida samarali qarorlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashuvchi yagona ekspertlar hamjamiyatini shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.