Mahalliy qozonxonalarda gaz tariflari pasaytirildi

O‘zbekiston

Raqobat qoʻmitasi taklifi bilan Oʻzbekistonda mahalliy qozonxonalar uchun tabiiy gaz tariflari pasaytirildi. Narxlarning pasayishi ularning va aholining issiqlik energiyasiga boʻlgan xarajatlarini kamaytiradi.

Foto: Situativ / Oleg Fyodorov

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi “Yoqilgʻi-energetika kompleksida bozor mexanizmlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 204-son qaroriga muvofiq, joriy yil 1-maydan boshlab tabiiy gazning bazaviy stavkalari va tariflari belgilandi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandiga muvofiq, maishiy isteʼmolchilarni taʼminlash uchun tabiiy gazdan foydalanuvchi idoraviy va munitsipal uy-joy fondlari, yuridik shaxslarning yotoqxonalari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, shuningdek, aholini issiqlik energiyasi bilan taʼminlovchi mahalliy qozonxonalar kommunal-maishiy isteʼmolchilar uchun belgilangan tariflar va shartlar asosida hisob-kitob qilishi kerak.

Buning natijasida mahalliy qozonxonalar aholi ehtiyoji uchun issiqlik energiyasi yetkazib berishda koʻproq tabiiy gaz isteʼmol qilgan, gaz uchun toʻlov va hisob-kitoblar esa tariflardan toʻrt barobar qimmatlashgan. Natijada, aholi mahalliy qozonxonalar orqali issiqlik energiyasidan foydalanish uchun yuqori narxlarni toʻlashga majbur boʻlgan.

Ushbu muammoni hal etish uchun Raqobat qoʻmitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar ishlab chiqib, Hukumatga taqdim etildi. Ushbu takliflarni inobatga olgan holda Vazirlar Mahkamasining 319-son qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-moddasiga oʻzgartirishlar kiritildi.

Endilikda maishiy isteʼmolchilarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondidagi mahalliy qozonxonalarga, yuridik shaxslar turar joylariga, koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish organlariga yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun toʻlovlar va hisob-kitoblar maishiy isteʼmolchilar uchun belgilangan tarif asosida bazaviy stavka (yaʼni amalda 650 soʻm) boʻyicha amalga oshiriladi.

Bu esa mazkur subyektlarda lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasi berish xizmatlari tariflari mutanosib ravishda pasaytirilishini anglatadi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.