Toshkent viloyati Boʻka tumanida hokim yordamchisi noqonuniy pul mukofoti olayotgan vaqtida ushlandi, deb yozadi OʻzA.
Mutasaddi kambagʻallikdan chiqish dasturiga kiritilgan fuqaroning uy-joy sharoitini yaxshilash uchun 120 mln soʻm miqdorida imtiyozli kredit olishda yordam bergani uchun 5,2 mln soʻm talab qilgan. U talab qilingan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hokimning yana bir yordamchisi Navoiy viloyati Xatirchi tumanida qoʻlga olindi. Amaldor sovun ishlab chiqaradigan korxona rahbari bilan til biriktirgan.
Ular birgalikda yuqoridagi korxona va tumanda faoliyat yuritayotgan xususiy oʻquv markaziga 200 million soʻm imtiyozli kredit ajratishga erishdilar.
Biroq olingan pul mablagʻlari hokim yordamchisining oʻziga tegishli boʻlgan xususiy korxonaning hisob raqamiga oʻtkazilgan.
Qayd etilishicha, qoʻlga olinganlarning ikkalasi ham muqaddam sudlangan.