Prezident Shavkat Mirziyoyev avtomobilsozlik sanoatida 2025-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar haqidagi taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Noyabr oyidagi yigʻilishdan soʻng rejalar takomillashtirildi. Uchrashuvda taʼkidlanganidek, asosiy eʼtibor ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, shuningdek, raqobatbardoshlikni oshirish uchun uning sifatini yaxshilashga qaratilmoqda.
Avtomobillar savdosi hajmi yiliga 400 mingtaga yetdi va yangi quvvatlarni ishga tushirish imkoniyatlarini yaratib, oʻsishda davom etmoqda. Shu bilan birga, rejalashtirilayotgan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobatni kuchaytirishini anglatadi.
Davlat rahbari mahsulot sifati va mahalliylashtirish koʻlamini kengaytirish boʻyicha ish olib borish zarurligini taʼkidladi. Masalan, 2025-yilda BYD elektromobillari uchun 60 ta detal ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ularning tannarxini pasaytirish imkonini beradi.
Uchrashuvda Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchisi rahbariyati mahalliy korxonalarning salohiyatini yuqori baholagani qayd etildi. Mahalliylashtirish koʻmaklashish markazi imkoniyatlarini ishga solib, mintaqaviy hamkorlik orqali ishlab chiqarishni ikki barobar oshirish vazifasi qoʻyilmoqda.
2025-yilga kelib, ularni xorijga yetkazib berish hajmini 700 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilmoqda. Samarqanddagi “SamAuto” va “MAN” zavodlarida ishlab chiqarilayotgan yuk avtomobillari va avtobuslarni yangi tashqi bozorlarga olib chiqish zarurligi taʼkidlandi.